15 Sen 2026
Ushbu muqovadagi yuzlarga diqqat bilan qarang. Bu portretlarni Xalqaro inklyuziv hab o‘quvchilari chizgan. Ularning qiyofasi, ranglari, ifodasi va kayfiyati turlicha. Har bir portret o‘ziga xos, ammo ularning barchasi umumiy kompozitsiyada o‘z o‘rniga ega. Bu yerda hech bir yuz ortiqcha emas, hech kim chetda qolmaydi.
Bu asarning asosiy g‘oyasi ham shunda. Inklyuziya insondan boshqalarga moslashish uchun o‘zligini o‘zgartirishni talab qilmaydi. Aksincha, bu yondashuv jamiyatdan tizimlar, muhit va imkoniyatlardagi to‘siqlarni anglash va bartaraf etishni talab qiladi. Shundagina har bir inson ta’lim olishi, o‘z qobiliyatlarini rivojlantirishi, mehnat qilishi va jamiyat hayotida boshqalar bilan teng huquq asosida to‘laqonli ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
FAO hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ayni shu yondashuv asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy inklyuziya va bandlik imkoniyatlarini, jumladan, moslashtirilgan issiqxonalar orqali kengaytirish yo‘lida hamkorlik qilmoqda. Moslashtirilgan issiqxona — shunchaki inshoot emas. U teng imkoniyatlar ro‘yobga chiqadigan makondir: bu yerda iste’dod kamol topadi, bilim amaliy ko‘nikmaga aylanadi, ko‘nikmalar esa munosib mehnat, mustaqil hayot va tanlov imkoniyatiga yo‘l ochadi.
Inklyuziya insonlarni faqat ayrimlar uchun yaratilgan dunyoga moslashtirish emas. U boshidanoq har bir inson o‘z o‘rniga ega bo‘lgan dunyoni birgalikda barpo etishdir.
Muqovadagi bu yuzlar bizga shuni eslatadi: har bir insonga o‘zligicha bo‘lish, rivojlanish va o‘z hissasini qo‘shish imkoniyati berilganda, alohida “men”lar yanada kuchli, mehr-oqibatga boy va chinakam insoniy “biz”ga birlashadi.
Biz har xilmiz — biz birgamiz!
Русский:
English:











